X

BIZ HAQIMIZDA

BIZ HAQIMIZDA

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 13-maydagi PF-4797-sonli farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Universitet o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yoʻnalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar:

  • O’zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta'lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash;
  • ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash;
  • talaba yoshlarni, o‘zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma'naviy etuk insonlar etib tarbiyalash;
  • o‘zbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta'limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning o‘zbek va jahon tilshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, o‘zbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liq ilmiy muammolarni tadqiq etish;
  • o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yoʻnalishlar bo‘yicha lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish;
  • umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish;
  • ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta'minlash, uning kompyuter uslubini, o‘zbek tili va dunyodagi etakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug‘atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog‘liq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish.