X

TALABALAR HAYOTI

TALABALAR HAYOTI

ToshDO’TAU Talabalar uyushmasi: g’oyadan natijagacha 

        Alisher  Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti  Talabalar uyushmasi (TSUULL STUDENTS UNION) ni tuzish masalasi faol va tashabbuskor yoshlarning taklifi bilan  2019-yilning 1-oktabrida universitet Kengash yig’ilishida  ko’rib chiqilgandi. ToshDO’TAUning faol talabalari Abdullo Nasullayev, Ozod Amrillayev, Nilufar Isroilovalarning   uyushmaning maqsad va vazifalari, rejalari va ulardan kutilayotgan natija to’g’risidagi taqdimotlaridan so’ng universitet rahbariyati bu tashabbusni  bir ovozdan qo’llab-quvvatladi.  Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti talabasi Abdullo Nasullayev Talabalar uyushmasining Prezidenti etib saylandi.  Students  Union  universitet talabalarining ta’lim olish jarayonida vujudga kelayotgan qiyinchiliklarni hal etishda yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash, talabalarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda yangi, yoshlarbop loyihalar ishlab chiqish, to’garaklar tashkil etish, shu orqali talabalarning bo’sh vaqtlari mazmunli tashkil etish, faolliklarini oshirishni maqsad qilgan.  
Bugungi kunda  Students union xorijiy tillarga qiziquvchi talabalar uchun “Speaking club”, “Lingua Cinema Club”, “Spelling Bee” kabi loyihalarni tashkil etgan bo’lsa, iqtidorli talabalar uchun “Debate club” va “Zakovat” klublari, pazandalikni o’rganish istagidagi qizlar uchun “Nafis fazilat” to’garagi faoliyat yuritmoqda.  Shu paytgacha ushbu klub va to’garaklar ishtirokchilari uchun  ko’plab tanlovlar ham tashkil etildi.

        Shuningdek, muhim sanalarga bag’ishlab, ommaviy aksiyalar ham o’tkazildi. ToshDO’TAU talabalarining tashabbusi bilan tashkil etilgan #SavodliYoz, #NavoiDay aksiyalari  juda ko’plab ta’lim muassasalarida  ommalashdi.  
Ko’plab maqtovlarga sazovor bo’lgan “THE CHANCE” forumini esa Students Unionning  eng omadli va katta masshtabdagi loyihasi bo’ldi, deyish mumkin.  O’nga yaqin yo’nalishda,  Respublikamizning turli hududlaridan kelgan 300ga yaqin ishtirokchilar, 50 yaqin ko’ngillilar hamda O’zbekistonning eng mashhur spikerlarini jamlagan  forum chinakam ma’noda  Talabalar uyushmasining kuchi va salohiyatini ko’rsata oldi. Prezident maslahatchisining birinchi o’rinbosari, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi, senator Alisher Sa’dullayev, mamlakatimizning eng mashhur tadbirkorlari Hasan va Husan Mamasaidovlar, “MyTAXI”, “Express24” kompaniyalari rahbari Akmal Payziyev,  “Khan Academy” loyihasi rahbari Botir Orifjonov, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev va yana  bir qancha o’z sohasining liderlari “The Chance” forumi qatnashchilari uchun mahorat darslari tashkil etishdi. 300ga yaqin yaqin yoshlar uchun bu forum chinakam ma’noda unutilmas voqea bo’ldi. 
Talabalar  uyushmasining bu kabi yutuqlarida universitet rahbariyatining hissasi katta. Qo’llab-quvvatlanayotgan g’oya va tashabbuslar, bildirilayotgan ishonch va ko’mak talabalarni  yanada ruhlantirmoqda, yangi marralar sari undamoqda. 
         Students Union erishilgan natijalar bilan to’xtab qolgani yo’q.  Ularning faoliyatini @TSUULL_SU  telegram kanalida, shuningdek SU a’zolarining maxsus https://t.me/tsuull_voluntears telegram guruhida ham kuzatib borishingiz mumkin.